“Bu yerdan inson o‘z tarixini yanada chuqurroq anglagan holda chiqadi” — dedi Ozod Soliyev
AQShdagi Vatan Global Alliance raisi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ekspozitsiyalari va ko‘lamiga yuqori baho berdi.

AQShda faoliyat yuritayotgan Vatan Global Alliance jamiyati raisi Ozod Soliyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmon Markazning ekspozitsiya zallarida namoyish etilayotgan tarixiy va madaniy meros namunalari bilan yaqindan tanishdi. Unga O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, islom madaniyati va ma’rifati, ilm-fan taraqqiyoti, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, xalqimizning ko‘p asrlik tarixini aks ettiruvchi noyob eksponatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ozod Soliyev Markaz haqida avval ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumotga ega bo‘lganini, biroq uni bevosita ko‘zdan kechirish jarayonida majmuaning ko‘lami va mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq his qilganini ta’kidladi.
“Men bu Markaz haqida avval eshitgan va yangiliklarda ko‘rgan edim. Lekin uning bunday keng qamrovli ekanligini tasavvur ham qilmagan ekanman. Inson bu yerda tariximiz qanchalik boy va chuqur ekanini his qiladi. Birinchi Renessansdan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan taraqqiyot bosqichlarini bir makonda yaxlit tarzda namoyish etish — juda katta mehnat natijasi”, — dedi u.
Mehmon Markazda har bir eksponatning tarixi, kelib chiqishi va o‘rganilish jarayoni haqida ma’lumot berilgani tashrif buyuruvchilarga tarixiy jarayonlarni yanada chuqurroq anglash imkonini yaratishini qayd etdi.
“Har bir eksponatning o‘z tarixi bor. Qayerdan olib kelingani, qachon topilgani va qanday ahamiyatga ega ekani haqida ma’lumotlar berilgan. Bunday maskanga kirgan inson bu yerdan shunchaki chiqib ketmaydi. U o‘z tarixini, islom sivilizatsiyasi va yurtimiz o‘tmishini yanada chuqurroq anglagan holda chiqadi”, — dedi Ozod Soliyev.
Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki xorijiy mehmonlar uchun ham mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi muhim ma’rifiy maskan hisoblanadi.
Tashrif davomida Markazning qisqa muddatda barpo etilgani, ekspozitsiyalarni yaratishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanilgani, tarixiy merosni asrash, ilmiy o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ishlar ham mehmonning e’tiborini tortdi.
Ozod Soliyev Markazning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini, jumladan, uning Ginnes rekordlar kitobiga kiritilganini majmuaning o‘ziga xos ko‘lami va ahamiyatini ifodalovchi muhim ko‘rsatkich sifatida baholadi.
Shuningdek, u O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, uni ilmiy tadqiq etish va xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilishga qaratilayotgan e’tibor muhim amaliy natijalar berayotganini ta’kidladi.
Vatan Global Alliance jamiyati doirasida AQShda yashayotgan vatandoshlarni birlashtirish, ular bilan hamkorlikda turli tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ham qayd etildi.
Tashrif yakunida Ozod Soliyev Markazda yaratilgan sharoit va ekspozitsiyalardan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, bunday maskan O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini dunyoga keng namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.








