Elektrotexnika sanoatiga 2030-yilgacha 3 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi
Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, yuqori qo‘shilgan qiymatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda tarmoqda amalga oshirilgan ishlar natijasida ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trillion so‘mdan 43,1 trillion so‘mga yetdi. Eksport 1 milliard dollardan oshib, O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari bugungi kunda 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.
Tarmoqda misdan tayyorlangan mahsulotlar, maishiy texnika, quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar va issiqlik nasoslari kabi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Maishiy texnikaga bo‘lgan ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda.
Joriy yilning dastlabki yetti oyida 30 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 706 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. 148 million dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini 51 trillion so‘mga, eksportni esa 1,6 milliard dollarga yetkazish hamda 420 million dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish va sohaga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsadlari ko‘rib chiqildi.
Bu borada mamlakatdagi xomashyo bazasi va ichki bozor imkoniyatlaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Hozir yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda va yangi quvvatlar hisobiga bu ko‘rsatkichni 300 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi mexanizmlar ham taklif etildi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilish xarajatlarining 25 foizi korxona tomonidan, 75 foizi esa “O‘zsanoateksport” AJ tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu maqsadlar uchun 50 million dollar resurs yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kreditlar uchun eksport shartnomalari va sug‘urta polislari kabi ta’minot turlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Kamida 50 million dollar investitsiya kiritadigan yirik xalqaro brendlar uchun soliq imtiyozlari hamda tayyor infratuzilmaga ega binolar taklif etiladi.
Elektrotexnika sanoati korxonalariga berilayotgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2030-yilgacha uzaytirish, eksport uchun xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish hamda mahsulotlarni sertifikatlash jarayonlarini yengillashtirish rejalashtirilgan.
Innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish maqsadida To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Prezident mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.








