Namanganda 7 700 dollarga “REGAPEN” sotayotgan shaxs ushlandi
Namangan va Andijonda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.Yo. kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi vaqtida qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, M.Yo. 938 dona “REGAPEN” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini fuqaro O.N.ga 7 700 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Undan yana 1 848 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida M.Yo. mazkur dorilarni avval sudlangan tanishi M. S. bilan birga Farg‘ona shahridan sotib olgani aniqlangan.
Shuningdek, ular o‘rtasida vazifalar taqsimlangani maʼlum bo‘lgan. Jumladan, M. Yo. dorilarni olib kelib, ularni belgilangan joylarga joylashtirish va saqlanishini taʼminlash bilan shug‘ullangan. M. S. esa mijoz topish va dori vositalarini sotish bilan shug‘ullangan.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Baliqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yana bir holat aniqlangan.
Xususan, fuqaro M.O.ga tegishli “Navro‘z” MFY hududidagi xonadon ko‘zdan kechirilganda, u 308 dona “REGAPEN” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-6-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








