Naqd pulda 176 mln so‘mgacha to‘lov qilish mumkin bo‘ladi
Yangi tartib bilan tovar va xizmatlar uchun naqd hisob-kitob qilishning amaldagi 25 mln so‘mlik chegarasi sezilarli darajada kengaytiriladi.

Prezidentning PF-175-son farmoni bilan tadbirkorlar va isteʼmolchilar uchun naqd hisob-kitoblar bo‘yicha yangi tartib belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, tovar va xizmatlar uchun naqd shaklda amalga oshiriladigan hisob-kitoblarning eng yuqori miqdori BHMning 400 baravari, yaʼni 176 mln so‘m etib belgilanadi. Yangi tartib amaldagi chegarani qariyb yetti baravarga oshiradi.
Bunda qonunchilikka ko‘ra, to‘lovlari faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan tovar va xizmatlarga mazkur qoida tatbiq etilmaydi.
Jumladan, davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun ayrim to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida neft-gaz mahsulotlarini sotish hamda elektr transport vositalarini zaryadlash xizmatlarida naqd pulsiz hisob-kitob talabi saqlanib qoladi.
Shuningdek, ko‘chmas mulk, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan ayrim toifadagi transport vositalari va maxsus avtotransport vositalarini sotib olishda ham to‘lovlar naqd pulsiz amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishda esa qiymatidan qatʼi nazar, naqd hisob-kitob qilish mumkin.








