Sirdaryoda bog‘cha rahbari xodimlarni majburiy mehnatga jalb qildi
Shuningdek, bog‘cha xodimlari “Open budget” uchun majburiy ovoz yig‘ishga jalb qilingani aniqlangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsman) fuqaro D. S. murojaat qilib, Sirdaryo viloyatidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida xodimlar majburiy mehnatga jalb etilayotgani yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat uning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari jalb etilgan holda o‘rganilgan.
O‘rganish davomida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir necha xodimi muassasa binosi va hovlisida qurilish ishlari yakunlangach, hududni tozalash ishlariga jalb qilingani aniqlangan. Shuningdek, xodimlarni “Open budget” portalidagi tashabbus uchun majburiy ravishda ovoz to‘plashga jalb qilish holatlari ham maʼlum bo‘lgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish orqali Mehnat kodeksining 5-moddasi talablari buzilgani aniqlangan.
Shundan so‘ng davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari G. A.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy chora ko‘rilgan. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, yaʼni 20 million 600 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan.
Qonunchilikka ko‘ra, xodimni uning mehnat vazifalariga kirmaydigan ishlarga majburan jalb qilish, shuningdek, mehnat munosabatlari doirasida majburiy mehnatning har qanday shakliga yo‘l qo‘yish taqiqlanadi.








