O'zbekiston

Prezident Olmazordagi “RomPharm NS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Korxonada import o‘rnini bosuvchi, asosan nevrologiya, kardiologiya va boshqa yo‘nalishlarda qo‘llaniladigan dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.

Prezident Olmazordagi “RomPharm NS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan “RomPharm NS” dori vositalari ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdi.

 

Mazkur korxonada farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Korxonaning asosiy maqsadi ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash hamda import qilinadigan dori vositalarining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat. Kelgusida uning yillik ishlab chiqarish quvvatini 1 milliard dona tabletka, 500 million dona kapsula va 120 million dona sashega yetkazish rejalashtirilgan.

 

“RomPharm NS” to‘liq ishlab chiqarish sikli va nazorat laboratoriyasi Yevropa Ittifoqining GMP standartlari asosida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi ilk majmualardan biri hisoblanadi.

 

Loyihaning umumiy qiymati 45 million yevroni tashkil etadi. 1,7 gektar maydonda joylashgan korxonada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarining 90 foizi avtomatlashtirilgan bo‘lib, zamonaviy uskunalar Italiya, Germaniya, Avstriya, AQSh, Shveysariya va Bolgariyadan olib kelingan.

 

Korxonada asosan nevrologiya, kardiologiya, metabolik jarayonlar hamda yallig‘lanishga qarshi yo‘nalishlarda qo‘llaniladigan dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Tayyorlanayotgan mahsulotlar to‘liq import o‘rnini bosishga yo‘naltirilgan.

 

Davlat rahbari korxona faoliyati bilan tanishish davomida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ichki bozorni sifatli dori vositalari bilan ta’minlash va importga qaramlikni kamaytirish muhimligini ta’kidladi.

 

Shuningdek, farmatsevtika sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi.

 

Tashrif davomida Prezidentga korxonaning istiqboldagi faoliyati va yangi loyihalari yuzasidan taqdimot qilindi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"