Tundagi shovqin qimmatga tushadi: 8,8 mln so'mgacha jarima to'laysiz
Shovqin darajasi me’yoridan yuqori bo‘lgan avtomobilni boshqarganlik uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Tegishli qonun Prezident tomonidan 9-sentabr kuni imzolangan bo‘lib, yangi tartiblar 11-dekabrdan kuchga kiradi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, shovqin talablarini buzganlik uchun jarimalar sezilarli darajada oshirilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini buzgan fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima solinadi. Mansabdor shaxslar uchun esa jarima BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha — 4,4 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha etib belgilanadi.
Agar huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, ya’ni 3,08 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha — 8,8 mln so‘mgacha jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, fuqarolarning tinchligi va normal dam olishiga xalaqit beruvchi shovqin taqiqlangan vaqt oralig‘i ham o‘zgaradi. Amaldagi 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan davr o‘rniga ish kunlari 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha bo‘lgan vaqt belgilanadi.
Shovqin darajasi belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan transport vositalarini boshqarganlik uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi.
Amaldagi tartibda bunday holat uchun ogohlantirish berilishi yoki BHMning 0,5 baravari, ya’ni 220 ming so‘m miqdorida jarima solinishi mumkin.
11-dekabrdan boshlab ogohlantirish chorasi bekor qilinib, jarima BHMning 1 baravarigacha, ya’ni 440 ming so‘mgacha oshiriladi.
Shuningdek, hukumat qarorlarini yangi qonunchilikka muvofiqlashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli topshiriqlar berilgan.








