Yunus Rajabiy uy-muzeyi vaqtincha yopiladi
Muzeyda ta’mirlash-tiklash va modernizatsiya ishlari olib boriladi.

Yunus Rajabiy uy-muzeyida muzey ashyolari va kolleksiyalarini xatlovdan o‘tkazish, shuningdek, ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan muzey 2026-yil 14-sentabrdan 2027-yil 30-mayga qadar tashrif buyuruvchilar uchun vaqtincha yopiladi.
Ta’mirlash loyihasi doirasida muzey binosi ta’mirlanib, isitish va sovitish tizimlari to‘liq modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, zamonaviy muzey talablariga javob beradigan yangi ekspozitsiya shakllantiriladi va muassasa infratuzilmasi takomillashtiriladi.
Belgilangan ishlar yakunlangach, Yunus Rajabiy uy-muzeyi tashrif buyuruvchilar uchun o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.








