5 mlrd so‘mgacha kredit garovsiz beriladi: kimlar foydalana oladi?
Ijtimoiy reyestrdagi oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan tadbirkorlarga tuman va shahar shtablari qarori asosida garovsiz kredit ajratiladi.

11-sentabr kuni “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–193-son) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga tuman yoki shahar shtabi qarori asosida 5 mlrd so‘mgacha garov taʼminotisiz kredit ajratilishiga ruxsat beriladi.
Bunda jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘mgacha kredit ajratiladi.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlari doirasidagi imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman va shahar shtablariga o‘tkaziladi.
2026-yil 1-oktabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi ham joriy etiladi.
Bunda kompensatsiya berish bo‘yicha qarorni tuman va shahar shtablari mahalliy sharoit, loyihaning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib qabul qiladi.
Kompensatsiya ajratishda kredit tarixi, tadbirkorning toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarni joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining belgilangan umumiy tartibda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi ham saqlab qolinadi.








