Bolaga zo‘ravonlik qilishning bahosi: 1 yillik ta'qiq
Bolalarni kamsitgan, xo‘rlagan yoki ularga jismoniy zo‘ravonlik qilgan pedagoglar uchun maʼmuriy javobgarlik joriy etildi.

11 sentyabr kuni O‘RQ–1174-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga ko‘ra, taʼlim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va taʼlim jarayonida bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek, uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
Bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
Shuningdek, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 1 yil davomida ayrim taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur cheklov maktabgacha taʼlim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim, professional taʼlim hamda bolalar uchun qo‘shimcha taʼlim tashkilotlariga nisbatan qo‘llanadi.
Bundan tashqari, davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq taʼminotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga undiriladigan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqilganda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham jalb etiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.








