Ekologlar reydi qarshilikka uchradi: inspektor jarohatlandi, bo‘lim boshlig‘i hushsiz topildi
G‘uzorda noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash vaqtida Ekopolitsiya xodimlariga hujum qilindi.

Qashqadaryo viloyatida ekologik nazorat tadbirlari davomida Ekopolitsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi.
Maʼlum qilinishicha, 11-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining G‘uzor tumani bo‘limi boshlig‘i Bahrom Toshpo‘latov Qashqadaryo daryosida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbiri vaqtida huquqbuzarlar hujumiga uchragan.
U hududda fuqarolardan biri tomonidan hushsiz holatda topilib, shifoxonaga olib borilgan. Ayni paytda unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Yana bir holat 6-sentabrdan 7-sentabrga o‘tar kechasi G‘uzor tumanining “Qovchin” MFY, Arab qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan. Ekologik nazorat tadbiri davomida Qashqadaryo daryosining muhofaza etiladigan hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aniqlangan.
Ekopolitsiya xodimlari qonunbuzarlikni to‘xtatib, texnika vositalarini jarima maydoniga olib ketayotgan vaqtida bir guruh shaxslar ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Natijada inspektorlardan biriga tan jarohati yetkazilgan, shuningdek, jarima maydoniga olib ketilayotgan texnika vositasi olib qochilgan.
Mazkur ikki holat yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi xodimi Mirzo Botirov xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgani xabar qilingan edi.








