Ishlayotgan onalarga nafaqa: yangi tartib 2027-yildan kuchga kiradi
Mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan ayollarga homiladorlik va tug‘ish taʼtili tugaganidan so‘ng farzandi 1 yoshga to‘lguncha nafaqa berish tartibi joriy etiladi.

2027-yil 1-yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan ayollarga homiladorlik va tug‘ish taʼtili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lguniga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bola parvarishi nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, shu sanadan boshlab aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga ehtiyoji moliyaviy holat bilan bir qatorda oila aʼzolarining surunkali kasalliklari, nogironligi, tashqi mehnat migratsiyasi va oilaning ko‘p farzandli ekani kabi mezonlarni hisobga oluvchi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali aniqlanadi.
Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi asosida baholanib, natijalariga ko‘ra ular tegishli toifalarga ajratiladi hamda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Farmonga ko‘ra, «Saxovat va ko‘mak», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari saqlab qolinadi. Ularning mablag‘larini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari tuman va shahar shtablariga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrning «davlat taʼminotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar aʼzolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026-yilda qo‘shimcha 100 mlrd so‘m, 2027-yilda esa 300 mlrd so‘m miqdorida foizsiz kreditlar ajratiladi.








