Ovchilar uchun yangi tartib: guvohnoma endi onlayn beriladi
Guvohnoma 18 yoshga to‘lgan, maxsus kurs va test sinovlaridan o‘tgan fuqarolarga 2 yil muddatga beriladi.

O‘zbekistonda ovchilikka oid hujjatlarni rasmiylashtirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Tegishli qonun 2026-yil 9-sentabrda imzolandi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ov qilish ovchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan ov qilish joylarida, shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan erkin ov qilish joylarida amalga oshiriladi.
Ovchilik xo‘jaliklari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda pitomniklarda to‘liq bosqichda yetishtirilgan yovvoyi hayvonlarni tabiatga qo‘yib yuborishi va ularning soniga teng miqdordagi hayvonlarni, ularning urchish davridan tashqari, yil davomida ovlashni tashkil etishi mumkin. Bunda yovvoyi hayvonlarni tutish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmaydi.
Yovvoyi hayvonlarning urchish davri O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti xulosasi asosida belgilanadi.
Shuningdek, qonun bilan ovchilik guvohnomasini berish jarayoni raqamlashtiriladi. Guvohnoma 18 yoshga to‘lgan, muomala layoqatiga ega, ovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Ovchilik guvohnomasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali 2 yil muddatga rasmiylashtiriladi.
Guvohnomaning amal qilish muddati talabgorning arizasiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin.
Mazkur qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.








