AQSh Eron neftini nazorat qilishi mumkin — Tramp
Tramp Eron nefti ustidan nazorat masalasida Venesuela ssenariysi takrorlanishi mumkinligini aytdi.

Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesueladagi kabi ssenariy asosida Eron nefti ustidan nazorat o‘rnatishi mumkinligini istisno qilmadi.
Tramp Irlandiyadagi golf klubida jurnalistlar bilan suhbatda AQSh Eron masalasida neftni o‘z nazoratida saqlab qolishga qaror qilmasa, mamlakatni tark etishi mumkinligini aytgan.
“Oxir-oqibat, agar biz Venesueladagi kabi neftni o‘zimiz uchun saqlab qolishga qaror qilmasak, ketamiz”, — degan AQSh prezidenti.
Trampning bayonoti Eron bilan bog‘liq harbiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar davom etayotgan bir paytda yangragan. Avvalroq AQSh prezidenti Eronga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazish qarorini to‘g‘ri deb hisoblashini bildirgan hamda mojaro uning prezidentlik muddati yakunlanguniga qadar tugashini aytgan.
Shuningdek, Vashington Tehronning daromad manbalarini cheklashga qaratilgan choralarni kuchaytirib, Eron bilan neft savdosi va tashishida ishtirok etayotgan uchinchi tomonlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgan.
Tramp ayni paytda Eron bilan kelgusida tinchlik muzokaralari o‘tkazilishini istisno qilmagan.








