Benzin narxi oshdi: Suriyada norozilik namoyishlari boshlandi
Energetika vazirligi huzuridagi maxsus qo‘mita tomonidan gaz va dizel yoqilg‘isi narxlari 25–40 foizga oshirilgan.

Suriyaning bir qator hududlarida hukumatning yoqilg‘i narxlarini oshirish qaroriga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi.
Suriya telekanallari Aleppo, Idlib, Xasaka, Raqqa va Deyr-az-Zor hududlarida namoyishlar bo‘layotgani haqida xabar bermoqda. Ayrim joylarda namoyishchilar yo‘llarni to‘sib, shinalarni yoqgan. Ba’zi hududlarda esa yoqilg‘i tashuvchi yuk mashinalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilingan.
Xususan, Idlib janubidagi Maarat an-Numan shahri yaqinida mamlakat shimoli va janubini bog‘lovchi M-5 xalqaro avtomagistrali to‘sib qo‘yilgan. Raqqada esa xavfsizlik kuchlari yo‘lni ochib, yonayotgan shinalarni o‘chirgan.
Ma’lum qilinishicha, Suriyada yoqilg‘i narxlari Energetika vazirligi huzuridagi maxsus qo‘mita tomonidan belgilanadi. 12-sentabr kuni qo‘mita benzin, gaz va dizel yoqilg‘isi narxlarini 25–40 foizga oshirgan.
Narxlarning keskin ko‘tarilishi mamlakatning turli hududlarida aholining noroziligiga sabab bo‘lgan.








