Bolalar endi Vatanda: Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning farzandlari qaytarildi
Ular bu paytgacha jazoni ijro etish muassasasi qoshidagi bolalar uyida tarbiyalangan.

Rossiyaning Mordoviya Respublikasi va Samara viloyatida jazoni o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bolalarni vatanga olib kelish ishlari O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiya vakolatli idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Jarayon davomida voyaga yetmaganlarning O‘zbekiston fuqaroligi, mamlakatda yaqin qarindoshlari borligi va ularning yashash sharoitlari o‘rganilgan. Shuningdek, zarur konsullik-huquqiy tadbirlar o‘tkazilib, bolalarni O‘zbekistonga olib kelish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Mordoviya Respublikasidagi jazoni ijro etish muassasasi qoshidagi bolalar uyida tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar Bosh konsulxona diplomatlari hamda O‘zbekistondan maxsus yuborilgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida O‘zbekistonga olib kelindi.
Qayd etilishicha, Qozon shahridagi Bosh konsulxona tomonidan Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalari qoshidagi bolalar uylarida tarbiyalanayotgan o‘zbekistonlik voyaga yetmaganlarni vatanga qaytarish ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.








