“Damas”da xavfli poyga: guvohnomasiz haydovchisiga chora ko‘rildi
Haydovchisi profilaktika inspektori va fuqarolarning to‘xtash haqidagi talabiga bo‘ysunmay, yuqori tezlikda harakatlangan.

Qarshi shahrida “Damas” avtomashinasini boshqarib, voyaga yetmaganlarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan haydovchi aniqlandi.
Maʼlum qilinishicha, haydovchi “Cho‘qqivor” MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar oralab yuqori tezlikda harakatlangan. U profilaktika inspektori va fuqarolarning to‘xtash haqidagi talablariga ham bo‘ysunmagan.
Holatga aniqlik kiritilganda, haydovchi Haydarov Asilbek ekani maʼlum bo‘lgan. U avtomobilni akasidan ruxsatsiz olib, haydovchilik guvohnomasisiz boshqarganini tan olgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 5-qismi, 128⁵-moddasi 2-qismi, 128¹⁰-moddasi 2-qismi hamda 135-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
“Damas” avtomobili vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.








