Seulda O‘zbekiston bayrog‘i porlamoqda: Lotte Tower ikki davlat do‘stligi ramziga aylandi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi munosabati bilan shaharning qator nufuzli joylarida mamlakatimiz davlat ramzlari namoyon etilmoqda.

13 sentyabr kuni esa bu jarayon Seulning eng mashhur ramzlaridan biri — Lotte World Towerda o‘zining eng yorqin ifodasini topdi.
Kechqurun 555 metr balandlikka ko‘tarilgan osmono‘par bino fasadida O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlat bayroqlari ranglari uyg‘unlashib, Seul tunlarini yoritdi. Bu manzara ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin hamkorlikning ramziy ko‘rinishi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Maʼlumot uchun, 123 qavatli Lotte World Tower — Janubiy Koreyaning eng baland binosi. 555 metrlik ushbu inshoot Seulning zamonaviy qiyofasi, innovatsiya va iqtisodiy taraqqiyotining eng mashhur ramzlaridan biri sanaladi. Bino o‘zining o‘ziga xos meʼmoriy qiyofasi bilan nafaqat Koreya, balki butun dunyoda tanilgan. Uning yuqori qismida joylashgan Seoul Sky kuzatuv maydoni esa tashrif buyuruvchilarga Seulni yuksaklikdan tomosha qilish imkonini beradi.
Ana shu mashhur osmono‘par inshootda O‘zbekiston va Koreya bayroqlarining birgalikda porlashi ikki davlat munosabatlarining bugungi ruhini o‘zida mujassam etdi.Seul osmonida porlagan O‘zbekiston bayrog‘i — bugungi do‘stlikning, ertangi hamkorlikning va umumiy taraqqiyot sari intilishlarning yorqin ifodasidir.








