Jahon

AQSh sudi yangi viza qoidalarini blokladi: jurnalist va talabalar uchun cheklovlar vaqtincha to‘xtatildi

Taklif etilgan yangi tartibga ko‘ra, xorijiy talabalar AQShda to‘rt yilgacha, jurnalistlar esa 240 kungacha qolishi mumkin edi.

AQSh sudi yangi viza qoidalarini blokladi: jurnalist va talabalar uchun cheklovlar vaqtincha to‘xtatildi

 

AQSh federal sudi xorijiy jurnalistlar, talabalar va almashinuv dasturi ishtirokchilari uchun taklif etilgan yangi viza qoidalarining kuchga kirishini vaqtincha to‘xtatdi.

 

AFP xabariga ko‘ra, AQSh okrug sudyasi Dennis Saylor yangi tartib kuchga kirishidan bir kun oldin dastlabki buyruq chiqargan. Shu orqali Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amal qilishi vaqtincha to‘xtatilgan.

 

Taklif etilgan qoidalarga ko‘ra, xorijiy talabalar uchun AQShda qolish muddati o‘qish dasturining davomiyligidan qat’i nazar, to‘rt yilgacha cheklanishi ko‘zda tutilgan. Jurnalistlar uchun esa amaldagi besh yillik muddat 240 kungacha qisqartirilishi, Xitoydan keladigan OAV vakillari uchun esa bu muddat 90 kunni tashkil etishi belgilangan.

 

Mazkur o‘zgarishlarga qarshi universitetlar, professor-o‘qituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat koalitsiya sudga murojaat qilgan.

 

Sudya Dennis Saylor o‘z qarorida yangi tartib rasmiylar tomonidan suiiste’mol qilinishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, ayniqsa, hukumatni tanqid qiluvchi xorijiy jurnalistlarning vizalarini yangilamaslik xavfi mavjud.

 

Mazkur ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 2-oktabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"