Dala shiyponidagi 17 o‘ram: Urgutda 60 gramm shubhali modda topildi
Tekshiruv vaqtida uy-ro‘zg‘or buyumlari orasiga yashirilgan shubhali ashyolar aniqlangan.

Samarqand viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish doirasida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Maʼlum qilinishicha, tadbir Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Milliy gvardiya vakillari bilan hamkorlikda Urgut tumani Oqmachit mahallasi hududida tashkil etilgan.
Tezkor tadbir davomida fuqarolardan biriga tegishli dala shiyponi belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv vaqtida uy-ro‘zg‘or buyumlari orasiga yashirilgan shubhali ashyolar aniqlangan.
Ko‘zdan kechirish natijasida jami 17 ta o‘ramga qadoqlangan, umumiy taxminiy og‘irligi 60 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda topilgan.
Aniqlangan ashyolar belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, ularning turi va tarkibini aniqlash uchun tegishli ekspertizaga yuborilgan. Holat yuzasidan protsessual harakatlar boshlangan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Moddaning giyohvandlik vositasi ekanligi va uning aniq tarkibi ekspertiza xulosasidan so‘ng belgilanadi.








