O‘zbekiston va BMT Turizm: 2027-yil xalqaro ochilish marosimi Toshkentda o‘tkaziladi
O‘zbekiston va BMT barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi.

Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov BMT Turizm Bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish, barqaror turizm tamoyillarini ilgari surish, turistik yo‘nalishlar raqobatbardoshligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri “2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili”ning rasmiy ochilish marosimiga tayyorgarlik bo‘ldi. Tadbirni 2026-yil noyabr oyida Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 1-aprel kuni BMT Turizm rahbariyati bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi.
Muzokaralar yakunida xalqaro yilning rasmiy ochilish marosimini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha Bitim imzolandi. Hujjat tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va ikki tomon tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtirish uchun zarur huquqiy va tashkiliy asosni yaratadi.
Shuningdek, BMT Turizm Bosh kotibi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish jarayoni shaxsiy nazoratida ekanini ma’lum qildi. Ushbu yo‘nalishda davlatlar va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Toshkentda mazkur xalqaro tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning global turizm kun tartibidagi ishtirokini yanada kuchaytirishi hamda barqaror va yashovchan turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.








