Toshkentda 12 soatlik “gaz tanaffusi”: qaysi hududlar gazsiz qoladi?
Bunga taʼmirlash ishlari sabab bo‘lib, ishlar yakunlangach, gaz taʼminoti bosqichma-bosqich tiklanadi.

Taʼmirlash ishlari munosabati bilan 16 sentyabr kuni Toshkent shahrining Mirobod va Yashnobod tumanlaridagi ayrim hududlarda tabiiy gaz taʼminoti vaqtincha to‘xtatiladi.
“Hududgaz Poytaxt” GTF maʼlumotiga ko‘ra, gaz taʼminoti soat 10:00 dan 22:00 gacha cheklanadi.
Mirobod tumanida “Tong yulduzi” MFYning Sayxun ko‘chasida joylashgan yer usti o‘rta bosimli zulfin va kompensator korroziyaga uchragani sababli ularni yangisiga almashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Mazkur taʼmirlash ishlari sabab “Tong yulduzi” MFYdagi 14 ta ko‘p qavatli uy, 2 100 ta xonadon va 350 ta yerli xonadon, shuningdek, “Inoqobod” MFYdagi 7 ta ko‘p qavatli uy, 600 ta xonadon va 450 ta yerli xonadon gaz taʼminotidan vaqtincha uziladi.
Bundan tashqari, ushbu ikki mahalladagi 8 ta ulgurji isteʼmolchi ham taʼmirlash ishlari taʼsir doirasida qoladi.
Yashnobod tumanida esa gaz taʼminotidagi vaqtinchalik cheklov “Yangi davr”, “Nodira”, “Donishmand”, “Hosiyat” MFYlari hamda “Assalom havo” turar joy majmuasiga taalluqli bo‘ladi.
Xususan, “Yangi davr” MFYda 15 ta ko‘p qavatli uy, 400 ta xonadon va 470 ta yerli xonadon, “Nodira” MFYda 250 ta yerli xonadon, “Donishmand” MFYda 5 ta ko‘p qavatli uy, 240 ta xonadon va 320 ta yerli xonadon, “Hosiyat” MFYda 8 ta ko‘p qavatli uy, 384 ta xonadon va 180 ta yerli xonadon gazsiz qoladi.
Shuningdek, “Assalom havo” turar joy majmuasidagi 10 ta ko‘p qavatli uy va 480 ta xonadon ham vaqtinchalik cheklovdan taʼsirlanadi. Mazkur hududlardagi jami 48 ta ulgurji isteʼmolchi uchun ham gaz taʼminoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Taʼminot taʼmirlash ishlari yakunlangach, xavfsizlik talablari asosida bosqichma-bosqich qayta tiklanadi.








