Toshkentdagi yangi qurilishlar shahar infratuzilmasiga ortiqcha yuklama bermasligi kerak — Saida Mirziyoyeva
Toshkentda yangi qurilish loyihalarining infratuzilmaga ta’siri, elektr va suv ta’minoti hamda ekologik masalalar muhokama qilindi.

Toshkent shahrining jadal kengayib borayotgani shaharsozlik va ekologiya masalalariga yanada chuqurroq yondashishni talab qilmoqda. Shu munosabat bilan yirik me’moriy loyihalar tashabbuskorlari, urbanistlar, mustaqil mutaxassislar, ixtisoslashgan ijodiy studiyalar hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Saida Mirziyoyeva uchrashuvda poytaxtning kelgusi rivojlanishida mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish va ular bo‘yicha mutaxassislar bilan birgalikda samarali yechimlar ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
Xususan, muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy obyektlarga tushayotgan yuklamani kamaytirish, elektr va suv ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni hal etish dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, yangi qurilish loyihalari faqat shaharning iqtisodiy va me’moriy rivojiga emas, balki mavjud infratuzilmaning imkoniyatlariga ham mos kelishi kerak. Bunday loyihalar hududlarda qo‘shimcha nomutanosiblik yuzaga keltirmasligi va shahar tizimlariga ortiqcha yuklama tushirmasligi lozim.
Saida Mirziyoyeva Toshkentni aholi va shahar mehmonlari uchun yanada qulay, ko‘rkam, ozoda va xavfsiz maskanga aylantirish yo‘lida biznes vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, shaharning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan tashabbuskor biznes loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Yangi O‘zbekiston siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuvda poytaxtni rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni mutaxassislar, biznes vakillari hamda tegishli soha vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.








