Andijonda kredit qarzi sabab MCHJ binosi olib qo‘yildi
Ijro jarayoni davomida boshlang‘ich bahosi 2,5 milliard so‘m bo‘lgan ishlab chiqarish binosi xatlangan.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida tijorat banklaridan olingan kreditlar o‘z vaqtida to‘lanmagan hollarda, qarzdorlikni qoplash uchun garovga qo‘yilgan mulkka nisbatan majburiy choralar qo‘llaniladi.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan sud hujjatlariga muvofiq, qarzdor masʼuliyati cheklangan jamiyat hisobidan undiruvchi “Asakabank” AJ foydasiga jami 1,8 milliard so‘m miqdoridagi kredit qarzi undirilishi belgilangan.
Sud hujjatiga asosan undiruvni garovdagi javobgarga tegishli bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarish bino va inshootlariga qaratish belgilangan.
Byuroning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ijro harakatlari amalga oshirilib, qarzdorga sud hujjatida belgilangan majburiyatlarni ixtiyoriy ravishda bajarishi uchun imkoniyat berilgan bo‘lsa-da, qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf etilmagan.
Ijro jarayoni davomida boshlang‘ich bahosi 2,5 milliard so‘m bo‘lgan ishlab chiqarish binosi xatlandi.
Hozirda xatlangan mol-mulklarni elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Taʼkidlash joizki, kredit mablag‘laridan foydalangan har bir qarzdor o‘z majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarishi lozim. Qarzdorlik ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmagan taqdirda, sud hujjati asosida mol-mulkni xatlash, undiruvga qaratish va qonunda belgilangan boshqa majburiy ijro choralari qo‘llanilishi mumkin.







