“Bizga nima keragi bor?” — Alisher Qodirov eski binolar haqida gapirdi
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Toshkent markazidagi ayrim eski binolarni saqlash masalasida barcha obyektlarga bir xil yondashuv bo‘lmasligi kerakligini aytdi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Madaniy meros agentligi faoliyati va Toshkentdagi ayrim eski binolarni madaniy meros sifatida saqlash masalasiga munosabat bildirdi.
Qodirovning ta’kidlashicha, madaniy meros obyektlariga nisbatan tabaqalashtirilgan yondashuv qo‘llanishi, davlat mablag‘lari esa avvalo milliy madaniyat va tarixiy ahamiyatga ega obyektlarni asrashga yo‘naltirilishi kerak.
U Toshkent markazidagi ayrim eski binolarni misol qilib, ularning jamiyat va milliy madaniyat uchun ahamiyatini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.
“Bizga nima keragi bor uning? Uning bizga qanaqa qadriyati bor madaniy meros sifatida?” — deya savol qo‘ydi Qodirov.
Siyosatchi ayrim obyektlarning ahamiyatini Samarqanddagi Shohi Zinda kabi tarixiy yodgorliklar bilan taqqoslab, barcha madaniy meros obyektlariga bir xil resurs ajratish maqsadga muvofiq emasligini bildirdi.
Qodirov Madaniy meros agentligiga ajratiladigan mablag‘lar, avvalo, milliy madaniyatni asrash va muhofaza qilishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.








