Litsenziyasiz “Umra” xizmatlari: Toshkent va Farg‘onada ikki holat aniqlandi
Toshkent viloyatida fuqaro 1 ming AQSH dollari va 1,2 mln so‘m olayotgan vaqtda, Farg‘onada esa turfirma menejeri 2 200 AQSH dollari olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni “Umra” ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, ulardan pul olgan shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Birinchi holat Toshkent viloyatining Toshkent tumanida aniqlangan. 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda poytaxtda yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni Saudiya Arabistoniga “Umra” ziyoratiga yuborishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga u 1 100 AQSH dollari talab qilgan. Fuqaro bergan 1 ming AQSH dollari va 1,2 mln so‘mni olayotgan vaqtda u DXX, IJQKD va IIV xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida ham qayd etilgan. DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida turistik firma menejeri Uchko‘prik tumanida yashovchi ikki nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga 2 200 AQSH dollari olayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








