5700 dollar ortidan qotillik: mijozni o‘ldirgan bank xodimi 18 yilga qamaldi
Farg‘onada bank xodimi avtomobil to‘lovi uchun 5700 dollar olib kelgan mijozini ovloq joyga olib borib, qasddan o‘ldirgan.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida mijozining avtomobil to‘lovi uchun olib kelgan 5700 AQSH dollarini egallash maqsadida uni o‘ldirgan bank xodimiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘qon shahridagi banklardan birida ishlagan xodim mijozning yonida avtomobil uchun 5700 dollar borligini bilib, ushbu mablag‘ni egallash rejasini tuzgan.
U mijozning ishonchiga kirib, turli bahonalar bilan uni ko‘chaga chiqishga ko‘ndirgan va o‘zining Tracker rusumli avtomobilida ovloq joyga olib borgan.
U yerda ular o‘rtasida ataylab janjal chiqargan. Mijoz qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng bank xodimi o‘zi bilan olib yurgan pichoq yordamida unga ko‘plab jarohatlar yetkazib, qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng jinoyat izlarini yashirish maqsadida marhumning jasadini avtomobiliga solib, bankka qaytgan. Ish vaqti tugagach esa jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Marhumni qidirish ishlari olti kun davom etgan. Qidiruv tadbirlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari ham jalb etilgan. Jarayonda mahalliy aholi vakillari ham ishtirok etgan. Olti kunlik qidiruvlardan so‘ng marhumning jasadi kanaldan topilgan.
Marhumning onasi o‘g‘lining avtomobil olish uchun uyidan xursand bo‘lib chiqib ketganini aytgan.
Mazkur jinoyat ishi Qo‘qon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” va “i” bandlari bilan aybli deb topilgan.
Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, sud hukmiga ko‘ra, marhumning qonuniy vakiliga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.








