Darsdagi zo‘ravonlik: 1-sinf o‘quvchisi kaltaklangan
Bunga o‘quvchining kitobni o‘qib bera olmagani sabab bo‘lgani aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Bola kaltaklandimi?» sarlavhali video yuzasidan Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlum qilishicha, Kosonsoy tumanidagi 39-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, xizmat tekshiruvi boshlangan.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, 16 sentyabr kuni soat 10:30 lar atrofida, 3-dars vaqtida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi tomonidan 1-“B” sinf o‘quvchisiga nisbatan jismoniy taʼsir qo‘llangan. Bunga o‘quvchining kitobni o‘qib bera olmagani sabab bo‘lgani aniqlangan.
Hozirda holatga huquqiy baho berish, shuningdek, masʼul mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini o‘rganish maqsadida xizmat tekshiruvi davom ettirilmoqda.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda maktab rahbariyati va o‘qituvchiga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi maʼlum qilindi.
Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi taʼlim muassasalarida o‘quvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga alohida eʼtibor qaratilishini bildirdi.








