Tijoriy guvohnoma va immigratsiya ishi: AQSHda ikki o‘zbekistonlik hibsga olindi
Ulardan biri avval ham mast holda avtomobil boshqargani uchun sudlangan.

AQSHning Nyu-Jersi shtatida tijoriy haydovchilik guvohnomalarini olish va ulardan foydalanishdagi qoidabuzarliklarni aniqlashga qaratilgan maxsus operatsiyalar davomida O‘zbekistonning ikki fuqarosi Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Slavic Sacramento xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 37 yoshli Z.Z. 23-avgust kuni Vudbrijda, 30 yoshli X.P. esa Xamiltonda hibsga olingan. AQSH Ichki xavfsizlik departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, ular immigratsiya ishlari bo‘yicha keyingi qaror qabul qilingunga qadar ICE hibsxonasida qolmoqda.
ICE maʼlumotiga ko‘ra, Z.Z. Nyu-York shtatida tijoriy haydovchilik bo‘yicha o‘quv ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U 15-may kuni Nyu-Yorkda mast holda avtomobil boshqargani uchun sudlangan. Shuningdek, 26-yanvardan buyon unga nisbatan hujum, jismoniy zarar yetkazish va taʼqib qilish bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqilayotgani qayd etilgan. 28-aprel kuni Krenberi politsiyasi uni boshqa ish bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxs sifatida hibsga olgan.
X.P. esa Pensilvaniya shtatida norezidentlarga beriladigan tijoriy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan. 21-iyul kuni Filadelfiyadagi AQSH Adliya vazirligining immigratsiya sudyasi uni hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.
Slavic Sacramento maʼlumotiga ko‘ra, Z.Z. hozir Pensilvaniyadagi immigratsiya muassasasida saqlanmoqda. 9-sentyabr kuni sud hukumatga uni ozod qilish bo‘yicha garov masalasini ko‘rib chiqish uchun 10 kun ichida sud majlisi o‘tkazishni buyurgan.
Qayd etilishicha, mazkur ICE operatsiyalari AQSH Ichki xavfsizlik departamenti va Transport departamentining tijoriy haydovchilik guvohnomalarini berishdagi firibgarlik va noqonuniy amaliyotlarga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakat miqyosidagi saʼy-harakatlari doirasida o‘tkazilgan.








