Toshkentga ko‘proq yashil maskanlar kerak — Saida Mirziyoyeva
Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bog‘i hududida ko‘l, ko‘kalamzor maydonlar va dam olish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Toshkent shahrida yashil hududlarni ko‘paytirish va aholi uchun qulay jamoat makonlarini yaratish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Saida Mirziyoyeva Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bog‘i hududini ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtning issiq iqlimi sharoitida daraxtlar, suv havzalari va soya-salqin joylarning ko‘paytirilishi aholining turmush sifatiga bevosita ta’sir qiladi.
Yangi istirohat bog‘i hududida ko‘l va ko‘kalamzor maydonlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu yerda oilaviy dam olish, bolalar bilan sayr qilish va sport bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Saida Mirziyoyeva bunday maskanlarni Toshkentning barcha tumanlarida tashkil etish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash, istirohat bog‘larini ko‘paytirish va yangi ekologik toza mavzelarni barpo etish zarurligi qayd etildi.
Toshkentni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri shahar muhitini yanada yashil va qulay qilishdir. Bu boradagi boshlangan ishlarni izchil davom ettirish maqsad qilingan.








