“Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun”: Ozodbek Nazarbekov xalqaro mukofotga loyiq ko‘rildi
Taqdirlash marosimi 26-sentyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkiyaning “Tiyatro Gazetesi” nashri tomonidan tashkil etiladigan Xalqaro O‘rta yer dengizi teatr mukofotining “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasida xalqaro mukofotga loyiq ko‘rildi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, “Tiyatro Gazetesi” o‘tgan yildan boshlab Antaliya shahrining madaniyat va sanʼat sohasidagi nufuzini oshirish hamda teatr sanʼati fidoyilarining faoliyatini xalqaro miqyosda eʼtirof etish maqsadida Xalqaro O‘rta yer dengizi teatr mukofotlarini topshirish marosimini yo‘lga qo‘ygan.
Tadbir doirasida O‘rta yer dengizi mintaqasi hamda xorijiy davlatlardan tanlab olingan nomzodlarga turli nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar topshiriladi.
Tashkiliy qo‘mita qaroriga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot bilan taqdirlanadi. Bu haqdagi xabar “Tiyatro Gazetesi”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilingan.
Tashkilotchilar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda teatr sanʼatiga qaratilayotgan eʼtibor va sohani qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni alohida qayd etgan. Xususan, xorijiy rejissyorlarning O‘zbekistonga taklif etilishi hamda mamlakatning xalqaro teatr festivallaridagi faol ishtiroki eʼtirof etilgan.
Shuningdek, ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va teatr sanʼatini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor sohaning ommalashuvida muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlangan.








