Aktrisa Yodgora Ziyomuhamedova 74 yoshida vafot etdi
Aktrisa 34 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat yuritgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino san’atining taniqli vakili, aktrisa Yodgora Ziyomuhamedova 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Yodgora Ziyomuhamedova 34 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat yuritib, sahnada 100 ga yaqin obraz yaratgan. U “Qizil shapkacha” spektaklida Qizil shapka, “Zumrad va Qimmat”da Qimmat, “Farzandim jigarbandim”da Sanobar, “Sening taqdiring”da Nazira, “Yarash-yarash”da Pokiza, “Burgut”da Gulnur, “Birinchi muallim”da Oltinoy kabi rollarni ijro etgan.
Aktrisa televideniye va kino sohalarida ham samarali ijod qilgan. U, ayniqsa, bolalar sevib tomosha qilgan “Oqshom ertaklari” ko‘rsatuvini 25 yil davomida olib borgan.
Yodgora Ziyomuhamedova milliy san’at rivojiga qo‘shgan hissasi va serqirra ijodi bilan o‘zbek teatr va televideniye san’ati tarixida iz qoldirdi.
Madaniyat vazirligi uning vafoti munosabati bilan marhumaning oila a’zolari va yaqinlari, shogirdlari, hamkasblari hamda san’at ahliga ta’ziya bildirdi.








