Isroilga vizasiz kirish: Qozog‘iston fuqarolari bemalol yo‘l olishi mumkin
Bu Qozog‘istonni Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda Isroilga vizasiz kirish imkoniga ega birinchi davlatga aylantiradi.

Qozog‘iston va Isroil o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi 2027-yil boshida kutilmoqda. Hozirda tomonlar tegishli kelishuv ustida ish olib bormoqda.
Isroilning Qozog‘istondagi elchisi Yoav Bystritskiy Ostonada jurnalistlar bilan uchrashuvda vizasiz rejim bo‘yicha kelishuv imzolanishi kutilayotganini maʼlum qildi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, hujjatni imzolash Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining Isroilga bo‘lajak tashrifi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Biroq tashrif va kelishuvni imzolashning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.
«Biz Qozog‘iston va Isroil o‘rtasida vizasiz kelishuv imzolanishini kutmoqdamiz. Hozirda bu borada ish olib bormoqdamiz. Hozircha aniq sana yo‘q, biroq bu 2027-yil boshida amalga oshishi mumkin», — dedi Bystritskiy.
Uning qayd etishicha, kelishuv amalga oshsa, Qozog‘iston fuqarolari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari orasida Isroilga vizasiz tashrif buyurish imkoniga ega bo‘lgan birinchi davlat fuqarolari bo‘ladi.
Elchi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ishlar olib borilayotganini aytdi.
Bystritskiyga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat turizm, balki ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni ham rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
«Biz Qozog‘iston va Isroilga ko‘proq ishbilarmonlarning tashrif buyurishini istardik. Havo qatnovi bunday biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun eng muhim omillardan biri bo‘lishi mumkin», — dedi diplomat.
Maʼlumot uchun, 2026-yil yanvar oyida Qozog‘iston va Isroil vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha niyat memorandumini imzolagan edi.








