Kimlarga kontrakt uchun chegirma beriladi? Pedagoglar farzandlari uchun yangi tartib
Pedagoglarning davlat OTMlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan farzandlari uchun kontrakt to‘loviga chegirma joriy etiladi.

Hukumatning 17-sentabrdagi 501-son qarori bilan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma beriladi.
Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi.
Buning uchun pedagog farzandi kontrakt shartnomasini olish yuzasidan kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi. Arizani ko‘rib chiqish jarayonida uning pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlansa, chegirma avtomatik tarzda qo‘llanadi.
Arizalar mas’ul tashkilot tomonidan 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llanadi.
Mazkur imtiyoz quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
-
oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida;
-
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar va ularning filiallarida;
-
qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida;
-
xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarida;
-
nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga.
Shuningdek, pedagogning ota-onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o‘quv yilidan boshlab chegirma qo‘llanishi to‘xtatiladi.








