Ochlik xavfi kuchaymoqda: 2030-yilda 520 mln kishi och qolishi mumkin
Yaqin Sharqdagi mojaroning oziq-ovqat narxlari, energiya va o‘g‘itlar bozoriga xavf solmoqda.

Yaqin Sharqdagi mojaro global oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. FAO prognoziga ko‘ra, inqirozning davomiyligi va uning oziq-ovqat inflyatsiyasiga ta’siridan kelib chiqib, 2030-yilda dunyo bo‘yicha 510–520 mln kishi ochlikka duch kelishi mumkin.
FAOning 2026-yilgi “Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati” hisobotida qayd etilishicha, mojaro yuzaga kelishidan oldingi prognozlarda 2030-yilda ochlikka duch keluvchilar soni 503 mln kishi atrofida bo‘lishi kutilgan.
Tashkilotning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi mojaro energiya va o‘g‘itlar narxining oshishi orqali boshqa mamlakatlardagi oziq-ovqat tizimlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. G‘alla yetishtirish va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun zarur bo‘lgan resurslar qimmatlashishi oziq-ovqat narxlariga bosimni kuchaytirishi ehtimoli bor.
FAO ushbu prognozlarda vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin bo‘lgan ayrim omillar, jumladan, ekstremal ob-havo hodisalari va kuchli El-Ninyo ta’siri to‘liq hisobga olinmaganini qayd etgan. Shu sababli kelgusidagi ko‘rsatkichlar bundan ham yuqori bo'lishi mumkin.
Shu bilan birga, FAO ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyoda 645 mln kishi ochlikka duch kelgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan qariyb 14 mln kishiga, 2022-yilga nisbatan esa 43 mln kishiga kam.
Tashkilot global ochlik kamayganiga qaramay, bu jarayon hali ham sust va turli inqirozlarga juda ta’sirchan ekanini ta’kidlamoqda.








