Qarzdorlik evaziga pora: Ohangaronda MCHJ rahbari ushlandi
Bosh pudratchi asfaltlashtirish obyektini yordamchi pudratchiga biriktirib berish hamda 1,2 mlrd so‘mlik qolgan to‘lovni amalga oshirish evaziga 83,5 ming dollar talab qilingan.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan parrandachilik fabrikasi qurilishi bilan bog‘liq noqonuniy holat aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur obyektning bosh pudratchisi hisoblangan MCHJ rahbari ichki yo‘llarni asfaltlash ishlarini bajarish uchun boshqa bir MCHJni yordamchi pudratchi sifatida jalb qilgan. Tomonlar joriy yilning aprel oyida ushbu ishlar bo‘yicha 3,7 mlrd so‘mlik shartnoma tuzgan.
Shartnomaga muvofiq ishlar bajarilgan va bosh pudratchi kelishilgan mablag‘ning 2,5 mlrd so‘mini yordamchi pudratchining hisob raqamiga o‘tkazgan. Biroq qolgan 1,2 mlrd so‘mni to‘lashni paysalga solib kelgan.
Shundan so‘ng, bosh pudratchi yordamchi pudratchiga asfaltlashtirish obyektini biriktirib bergani hamda qolgan 1,2 mlrd so‘mni to‘lab berishi evaziga uning ta’sischisidan 83,5 ming AQSH dollari talab qilgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari talab qilingan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








