2,1 mlrd kub metr suv yo‘qotilmoqda: Qoraqalpog‘istonda kanallar betonlanadi
Qoraqalpog‘istonda 417 ming gektar ekin yerini sug‘orishga yiliga 5,7 milliard kub metr suv sarflanmoqda. Shundan 38 foizi, yaʼni 2 milliard 100 million kub metr suv yo‘qotilmoqda.

Yig‘ilishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Jumladan, To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” kanalidan yiliga 115 million kub metr suv o‘tadi. Uning 44 million kub metri yo‘qotilmoqda. Kanalni to‘liq betonlash orqali yana 9 ming gektar yerga suv yetkazish hamda 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.
Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometr qismini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer maydoni 3 ming gektarga ko‘payadi. Shuningdek, 15 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilanadi.
Bu hududda 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq barpo etilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun jami 135 milliard so‘m ajratiladi. Ikki kanalni kelgusi yil 1 martgacha betonlash topshirildi.
Shuningdek, To‘rtko‘l va Bo‘zatovda kelasi yili 17 ming gektar maydonda ozuqa ekinlari yetishtirib, 2 ming kishini daromadli qilish vazifasi belgilandi.
Suv obyektlarini modernizatsiya qilish borasida Yaponiyadan 4,5 million dollarlik grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yili bunday grantlar hajmini 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
Suv xo‘jaligida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yili 30 milliard so‘m hisobiga 276 ta suv nasosi energiya tejamkor uskunalarga almashtirildi. Natijada yiliga 16 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejalmoqda.
1 aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta hamda boshqa viloyatlardagi yana 200 ta suv nasosini yangilash vazifasi qo‘yildi.








