3 ming shifokor va 6,8 ming tibbiyot xodimi: Orolbo‘yida yangi tibbiy akademiya ish boshladi
4,6 gektar maydonda barpo etilgan yangi majmuada 80 ta ish o‘rni yaratildi.

Qoraqalpog‘istonda tibbiy taʼlim va malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi muassasa — Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida tanishilgan mazkur akademiya hudud sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida 4,6 gektar maydonda 154 mlrd so‘mlik zamonaviy majmua barpo etilgan. Bu yerda 80 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Akademiyada har yili 3 ming nafar shifokor hamda 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi o‘z malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Orolbo‘yi hududlaridan har yili 100 nafarga yaqin yosh mutaxassis chuqurlashtirilgan dasturlar asosida tayyorlanadi.
Uzoq hududlardan keladigan tibbiyot xodimlari uchun esa 72 o‘rinli zamonaviy mehmonxona tashkil etilgan.
Yangi tizim orqali Orolbo‘yi hududlarida tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.








