Ar-Riyodda xavf signali yangradi: portlash ovozlari eshitildi
Hodisa oqibatida qurbonlar yoki jarohatlanganlar haqida ham ma’lumot berilmagan.

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda havo xavfi haqida ogohlantirish berilganidan so‘ng kuchli portlash ovozlari eshitilgan.
19-sentabr tongida Saudiya Fuqaro mudofaasi Ar-Riyod hamda poytaxt yaqinidagi Al-Harj shahri aholisi uchun havodan kelishi mumkin bo‘lgan xavf haqida ogohlantirish e’lon qilgan.
Aholiga xavfsizlik choralariga rioya qilish, ochiq joylardan va derazalardan uzoqroq bo‘lish hamda zarurat tug‘ilganda xavfsiz binolarga kirish tavsiya etilgan.
Ogohlantirishdan ko‘p o‘tmay Ar-Riyodda ikki marta kuchli portlash ovozi eshitilgan. Oradan taxminan yarim soat o‘tib, Saudiya Fuqaro mudofaasi shahardagi xavf bartaraf etilganini ma’lum qilgan.
Hozircha portlashlarga nima sabab bo‘lgani rasman ochiqlanmagan. Shuningdek, hodisa oqibatida qurbonlar yoki jarohatlanganlar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan.
Voqea Saudiya Arabistoni va Yamandagi husiylar o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi kunlarda Saudiya hududiga dron va raketa hujumlari haqida xabarlar berilgan.








