“Doimiy nazorat” ortidan: Grenlandiya va Daniya AQSh bilan kelishuv tafsilotlarini ochiqladi
Vashington Grenlandiyada harbiy ishtirokini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan, biroq uning aniq shartlari hozircha ochiqlanmagan.

Daniya va Grenlandiya AQSh bilan tuzilgan kelishuv orol ustidan suverenitetni Vashingtonga o‘tkazmasligini bildirdi. Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuv Qo‘shma Shtatlarga Grenlandiya xavfsizligi ustidan “doimiy nazorat” berishini aytganidan keyin yangradi.
AQSh, Daniya va Grenlandiya 18-sentabr kuni Vashingtonning orolda sezilarli harbiy ishtirokini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Hujjat, shuningdek, AQShning raqiblari Grenlandiyada harbiy baza tashkil etishi yoki harbiy ishtirokini yo‘lga qo‘yishining oldini olishni nazarda tutadi.
Biroq kelishuvning muhim tafsilotlari hozircha jamoatchilikka taqdim etilmagan. Xususan, AQSh harbiylarining Grenlandiyadagi ishtiroki qay darajada kengayishi, shuningdek, tashqi siyosat va tabiiy resurslar masalasida Vashingtonga qandaydir vakolat berilishi-berilmasligi noma’lum.
Tramp 18-sentabr kuni kelishuv AQShga Grenlandiya xavfsizligi va boshqa zarur masalalar ustidan “doimiy nazorat” imkonini berishini yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning roziligisiz Vashingtonning raqiblari orolda harbiy baza tashkil eta olmaydi yoki muhim investitsiyalarni amalga oshira olmaydi.
Grenlandiya bosh vaziri Jens-Frederik Nielsen esa kelishuv orolning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, Grenlandiya xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olishini ta’kidladi. Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen ham kelishuv Arktika va Shimoliy Atlantikadagi xavfsizlikni kuchaytirishi, shu bilan birga Daniya qirolligining suvereniteti bo‘yicha belgilangan chegaralarni saqlab qolishi kerakligini aytdi.
Kelishuvni AQSh, Daniya va Grenlandiya vakillari kelasi hafta Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi doirasida imzolashi kutilmoqda. Hujjat kuchga kirishi uchun tegishli parlament jarayonlaridan ham o‘tishi kerak.
NATO ham kelishuvni olqishlab, u Arktikadagi xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.








