Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisiga “general-mayor” unvoni berildi
Shuningdek, qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash dasturlarini ishlab chiqish topshirildi.

Kelasi yili qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludiga 200 yil to‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shoirning «Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun» degan hikmatli so‘zlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini taʼkidladi.
Prezident ulug‘ ziyolilarning ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish, raqamlashtirish, asrab-avaylash va uni xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish muhimligini taʼkidladi.
Kelgusi yili Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda munosib nishonlash taklifi bildirildi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga bir oy muddatda keng qamrovli dastur ishlab chiqish va uni amalga oshirishni boshlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish davomida hudud va tarmoqlar rahbarlarining axborotlari tinglanib, Qoraqalpog‘iston faollari bilan muloqot qilindi.
Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayevga alohida unvon berildi.
Unga ichki ishlar organlari tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Qoraqalpog‘istonni har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligi, xavfsizligi va osoyishta hayotini taʼminlash, jamiyatda mehr-oqibat, ahillik va totuvlikni asrash hamda mustahkamlash borasidagi xizmatlari uchun Prezident tomonidan “general-mayor” maxsus unvoni berildi.








