1,293 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari: “Dubay–Toshkent” reysida noqonuniy yuk aniqlandi
O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaroning yukidan deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 921,37 gramm zargarlik buyumlari va 3 dona oltin quyma topilgan.

Toshkent xalqaro aeroportida “Dubay–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaroning yukidan deklaratsiyada ko‘rsatilmagan oltin va zargarlik buyumlari aniqlandi.
“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan fuqaroning yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, deklaratsiyada qayd etilmagan zargarlik buyumlari va oltin quymalar aniqlangan.
Xususan, yuklar orasidan sof og‘irligi 921,37 gramm bo‘lgan 141 dona zargarlik buyumi hamda 3 dona oltin quyma topilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, aniqlangan zargarlik buyumlari va oltin quymalarning umumiy qiymati 1 milliard 293 million so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, fuqaroning yukidan aksiz markalari bo‘lmagan 120 quti tamaki mahsuloti hamda 90 dona nikotinli snyus aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








