25 va 50 foiz: talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
Qo‘shimcha muddat bakalavriat va magistraturaga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan yoki ko‘chirib tiklangan hamda qayta tiklangan talabalarga tegishli.

2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 15-oktabrgacha uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Belgilangan yangi muddat bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan yoki ko‘chirib tiklangan, shuningdek, o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.
Unga ko‘ra, 15-oktabrgacha bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha yillik qiymatning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa yillik qiymatning kamida 50 foizi to‘lanishi lozim.
Shunday qilib, tegishli toifadagi abituriyent va talabalar kontrakt to‘lovlarini belgilangan yangi muddat doirasida amalga oshirishlari mumkin.








