Janubiy Koreyada mina portladi: uch harbiy xizmatchi jarohatlandi
Hodisa Janubiy Koreya harbiylari chegara hududida qidiruv ishlarini olib borayotgan paytda yuz bergan.

Janubiy Koreyaning uch nafar harbiy xizmatchisi 21-sentyabr kuni Shimoliy Koreya bilan chegaradagi demilitarizatsiya qilingan hududda yuz bergan portlash oqibatida jarohatlandi. Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, hodisa harbiy demarkatsiya chizig‘ining janubida, hududning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan.
Portlash mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida Janubiy Koreya armiyasining 25-piyoda diviziyasi nazoratidagi hududda qidiruv ishlari olib borilayotgan vaqtda yuz bergan. Harbiylar portlash manbasini hozircha aniqlamagan. Mahalliy OAV esa hodisaga mina sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan. Uning Shimoliy yoki Janubiy Koreya tomonidan o‘rnatilgani esa nomaʼlum.
Jarohatlangan ikki harbiy vertolyotda Seongnam shahridagi Qurolli kuchlar markaziy shifoxonasiga olib ketilgan. Uchinchi harbiy xizmatchi hamda operatsiyada qatnashgan boshqa askarlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga yuborilgan.
Janubiy Koreya harbiylari portlash sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov boshlagan.
Maʼlumot uchun, demilitarizatsiya qilingan hudud 1950–1953-yillardagi Koreya urushidan keyin tashkil etilgan bo‘lib, Koreya yarimorolining ikki davlatini ajratib turadi. Taxminan 250 kilometr uzunlikdagi hudud dunyodagi eng kuchli harbiylashtirilgan chegaralardan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Shimoliy Koreya chegarani mustahkamlash doirasida hududni minalash, yo‘llar qurish va tanklarga qarshi to‘siqlar o‘rnatish ishlarini olib bormoqda. Janubiy Koreya harbiylari iyul oyida kuchli yomg‘irlar Shimol tomonidan o‘rnatilgan ayrim minalarni yuvib, Janubiy Koreya hududiga olib o‘tgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
21-sentyabrdagi portlash demilitarizatsiya qilingan hududida noyabr oyidan beri qayd etilgan ilk shunday hodisa bo‘ldi. 2025-yil noyabrida ham janubiy koreyalik harbiy xizmatchi minalarni aniqlash operatsiyasi vaqtida yuz bergan portlashda jarohatlangan edi.








