Pul, telefon va soatlarni zo‘rlik bilan tortib olishdi: Namanganda 7 nafar talaba ushlandi
Texnikum talabalari 4 nafar tengdoshining buyumlarini ochiqdan-ochiq zo‘rlik ishlatib tortib oldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrida bir guruh yoshlar boshqa yoshlarning buyumlarini zo‘rlik bilan olib qo‘yayotgani aks etgan videolar tarqaldi.
Mazkur holat Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, 19-sentabr kuni soat 13:00 larda Namangan shahrining “Dashtbog‘” mahallasi hududida 2010-yilda tug‘ilgan, 2-sonli kasb-hunar texnikumining 1-bosqichida tahsil oluvchi 7 nafar talaba shu texnikumning 1-bosqichida o‘qiydigan 4 nafar tengdoshining yonidagi pul, soat va telefonlarni ochiqdan-ochiq zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan olib qo‘ygan.
Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv davomida videotasvirda aks etgan barcha ishtirokchilarning shaxsiga aniqlik kiritilgan.
Shuningdek, mazkur voqea oqibatida hech kim tan jarohati olmagani aniqlangan.
Holat yuzasidan Namangan shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi — bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan talonchilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








