Tokioda tayfun xavfi: 524 ta reys bekor qilindi
Dujuan tayfuni sabab Tokioda aviaqatnovlardan tashqari poyezd va parom qatnovlari ham cheklanmoqda.

Kuchli Dujuan tayfuni Tokio metropoliten hududiga yaqinlashayotgani sababli Haneda va Narita xalqaro aeroportlarida kamida 524 ta reys bekor qilindi. Bu haqda TASS parvoz ma’lumotlariga asoslangan hisob-kitoblariga tayanib xabar berdi.
Haneda aeroportida 300 dan ortiq ichki va qariyb 60 ta xalqaro reys bekor qilingan. Narita aeroportida esa 100 dan ortiq, asosan xalqaro reyslar amalga oshirilmagan.
Noqulay ob-havo transport qatnovlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Tokiodan tutash Chiba prefekturasining ayrim yo‘nalishlarida poyezdlar harakati to‘xtatilgan. Tokio ko‘rfazidagi parom qatnovlari bekor qilingan, Tomei tezyurar avtomobil yo‘lining ayrim qismlari esa yuqori to‘lqinlar sabab yopilgan.
JR Tokai kompaniyasi Tokio va Osaka o‘rtasidagi asosiy yo‘nalishda tezyurar poyezdlar qatnovi ham bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Tayfun Xonsyu orolining markaziy Tinch okeani sohillari janubida joylashgan bo‘lib, shimoli-sharq tomon soatiga qariyb 25 kilometr tezlikda harakatlanmoqda. U avval Izu yarimoroliga, keyin esa Tokio hududiga yaqinlashishi kutilmoqda.
Sinoptiklar kuchli yomg‘ir, daryolarning toshishi va ko‘chkilar xavfidan ogohlantirib, aholini imkon qadar uyda qolishga chaqirmoqda. Chiba prefekturasining ayrim hududlarida evakuatsiya bo‘yicha ogohlantirishlar ham kuchga kirgan.
Tayfun kuchli shamol va jala bilan kechmoqda. Ayrim hududlarda so‘nggi ikki kun davomida 410 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Sinoptiklar ayrim joylarda yog‘ingarchilik miqdori soatiga 80 millimetrgacha yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda.








