“Yangi nishonlar va yangi qurollar”: Eron AQShga javob zarbasi bilan tahdid qildi
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili AQSh yangi hujum boshlasa, avval nishonga olinmagan obyektlarga yangi qurollar bilan zarba berilishini ma’lum qildi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) AQSh yangi hujum boshlagan taqdirda, avval nishonga olinmagan obyektlarga yangi qurollar bilan zarba berilishini ma’lum qildi.
IRGC vakili Husayn Mohebbiy Eronning javob choralarida urush geografiyasi, qo‘llanadigan qurollar va harbiy texnika o‘zgarishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron jang maydoniga yangi imkoniyatlarga ega qurollarni olib chiqishga tayyor.
Mohebbiy Eronning kelgusidagi nishonlari avvalgilar bilan cheklanmasligini, mamlakatda ilgari hujum qilinmagan yangi nishonlar mavjudligini aytgan. U yangi qurollarning ayrimlari mojaroning avvalgi bosqichlarida qo‘llanmaganini ham ta’kidlagan.
Bu bayonot Eron harbiy qo‘mondonligining AQSh yangi hujumga tayyorlanayotgani haqidagi da’volari fonida yangragan.
Eron Qurolli Kuchlarining Xatam al-Anbiya markaziy shtab-kvartirasi AQSh yaqin kelajakda Eronga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot borligini bildirgan. Shtab yangi hujum yuz bergan taqdirda, Yaqin Sharqdagi AQSh bazalari va manfaatlari Eronning javob zarbalari nishoniga aylanishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Eron harbiy qo‘mondonligi AQSh harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan yoki o‘z hududi va obyektlarini bunday operatsiyalar uchun taqdim etadigan davlatlarni ham ogohlantirgan.
Bayonotlar AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etayotgan bir paytda yangragan. Reuters xabariga ko‘ra, 20-sentabr kuni tomonlar o‘rtasidagi keskinlik saqlanib qolgan, shu bilan birga diplomatik muzokaralarni qayta boshlash ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.








