1,3 gektarlik hududda avtoturargoh: Milliy kutubxona ortidagi loyiha maʼlum qilindi
Toshkentdagi Milliy kutubxona ortidagi hududda davlat-xususiy sheriklik asosida pulli avtoturargoh va jamoat makoni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektarlik maydonda tartibli avtoturargoh barpo etilib, hudud obodonlashtiriladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida hududdagi mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan maydonlar saqlab qolinadi. Avtoturargoh tashkil etilishi munosabati bilan daraxtlarni kesish rejalashtirilmagan. Aksincha, hududga 1 ming tupdan ortiq daraxt va buta ekilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, hududda kapital qurilish ishlari olib borilmaydi. Avtoturargoh bilan bir qatorda piyodalar va velosiped yo‘laklari, dam olish joylari, bolalar hamda vorkaut maydonchalari, yengil konstruksiyali sport obyektlari va sanitariya xonalari tashkil etiladi.
Loyiha bo‘yicha 720 metr uzunlikdagi yangi piyodalar yo‘lagi barpo etiladi. Shuningdek, videokuzatuv tizimi, bo‘sh avtoturargoh joylarini ko‘rsatuvchi elektron tablolar va zamonaviy to‘lov tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Hududni 10 yil muddatga foydalanish huquqi bilan xususiy sherikka berish uchun yer uchastkasini elektron auksionga chiqarish ko‘zda tutilmoqda. G‘olib bo‘lgan xususiy sherik investitsiya majburiyatlarini bajarishi, hududni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni taʼminlashi kerak bo‘ladi.
Davlat-xususiy sheriklik shartlariga ko‘ra, avtoturargoh xizmatlaridan tushadigan mablag‘larning 20 foizi shahar byudjetiga yo‘naltiriladi. Maxsus va tezkor xizmat transport vositalari uchun hududdan foydalanish bepul bo‘ladi.
Bundan tashqari, shahar hokimiyati talabi bilan avtoturargoh hududi bayramlar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ham taqdim etiladi. Bunday maqsadlarda hududdan foydalanish muddati yiliga 60 kungacha bo‘lishi mumkin.
Loyiha tashabbuskorlariga ko‘ra, avtoturargoh tashkil etishdan asosiy maqsad shahar markazidagi avtomobillar sonini ko‘paytirish emas, balki mavjud transport oqimini tartibga solish va avtomobillarning piyodalar uchun mo‘ljallangan hududlarda tartibsiz to‘xtashining oldini olishdan iborat.
Qayd etilishicha, hozirda hududda tartibli avtoturargohlar yetishmagani sababli avtomobillar bir necha qator bo‘lib, ayrim hollarda piyodalar uchun ajratilgan maydonlarda ham to‘xtab turibdi. Yangi loyiha esa mavjud landshaft, yashil hududlar va piyodalar makonini saqlagan holda transport harakatini tartibga solishga qaratilgan.








