150 mingta ish, 70 mingta bekor qilingan qaror: Prezident maʼmuriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish takliflari bilan tanishdi
Ma’muriy odil sudlovni rivojlantirishning yangi bosqichida 15 ga yaqin huquqiy institutni joriy etish taklif qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Ma’muriy sudlar faoliyati 2017-yil 1-iyuldan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tizim davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish, fuqarolar hamda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan davrda ma’muriy sudlar tomonidan 150 mingga yaqin ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 70 mingdan ortiq holatda davlat organlarining noqonuniy qarorlari bekor qilingan. Shuningdek, mansabdor shaxslarning qonunga xilof xatti-harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi yoki boshqa vakolatli organlarga 27 mingga yaqin xususiy ajrim chiqarilgan.
Taqdimotda sohani rivojlantirishning navbatdagi bosqichida ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy talablar asosida 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar, avvalo, fuqarolarning buzilgan huquqlarini samarali tiklash, davlat organlari ustidan sud nazoratini kuchaytirish va ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Jumladan, fuqarolarga huquqi buzilishidan oldin uni himoya qilish imkonini beruvchi proaktiv sud himoyasi mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Buning uchun sudga murojaat qilishning to‘rt xil da’vo shakli belgilanishi mumkin.
Shuningdek, sudga murojaat qilish uchun amaldagi olti oylik muddatni qayta ko‘rib chiqish taklif etildi. Davlat organi tomonidan qonunbuzilish sodir etilganini tan olish yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda.
Fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ularning huquqlarini buzgan taqdirda, bunday hujjatlar ustidan bevosita ma’muriy sudga shikoyat qilish huquqini berish ham taklif etildi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipidan kelib chiqib, ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Ular fuqarolar va tadbirkorlarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llashda davlat organlarining diskretsion vakolatlardan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirishi mumkin.
Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha ham yangi mexanizm taklif qilindi. Unga ko‘ra, davlat organi mansabdor shaxsiga sud qarorini bajarmagani uchun jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar beradi.
Prezident taklif etilayotgan huquqiy institutlar inson huquqlari qo‘pol buzilgan hollarda ularni sud orqali samarali tiklash, Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipini amalda ta’minlash, davlat idoralari mas’uliyatini oshirish hamda sud qarorlarining muqarrar ijrosiga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.








