42 ta sertifikat evaziga 2,1 mln so‘m: Surxondaryoda bo‘lim boshlig‘i pora bilan ushlandi
Sanitariya bo‘limi boshlig‘i maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbariga 42 nafar xodimga sanitariya sertifikatlari berilishini vaʼda qilib, pul talab qilgan.

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i pora olayotganda ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sho‘rchi tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i E. E. maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birining rahbari S. X. ga tashkilotning 42 nafar xodimiga sanitariya sertifikatlari olib berishni vaʼda qilgani aniqlangan.
U mazkur xizmat evaziga 2,1 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan E. E. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








